Skip to main content

SIUT professorlarining yangi kitobi IGI Global nashrida chop etildi

2025-yilning yanvar oyida nufuzli IGI Global (AQSh) nashriyotida Samarqand xalqaro texnologiya universitetining professorlari Mohammad Gouse Galety, Jimbo Claver va Arul Kumar Natarajan hamda hammualliflar: Sriharsha AV (Mohan Babu University, Hindiston), Narasimha Rao Vajjhalalarning (University of New York Tirana, Albaniya) “Data Analytics and AI for Quantitative Risk Assessment and Financial Computation” nomli monografiyasi chop etildi. 

Ushbu kitobda moliyaviy hisoblash va riskni baholashda sun’iy intellekt (AI) va ma’lumotlar tahlilining ahamiyatiga chuqur e’tibor qaratilgan. Shuningdek, monografiya moliya va risk boshqaruv sohalarida zamonaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.

Book

Kitobda:

    • moliyaviy hisoblashda AI va ma’lumotlar tahlilining roli;
    • riskni baholashda zamonaviy usullar;
    • iqtisodiy prognozlash va bozor risklarini boshqarish;
    • stoxastik differensial tenglamalar va opsoinlarni baholash;
    • AI yordamida uzoq muddatli moliyaviy strategiyalarni ishlab chiqish kabi dolzarb mavzular qamrab olingan.

610 sahifalik kitob moliya, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha jahonning turli davlatlaridagi soha mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘zida jamlagan. To‘plam global iqtisodiyotda risklarni boshqarish va qaror qabul qilishda sun’iy intellektning ahamiyatini ochib beradi.

Bugungi kunda moliya sohasi ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish va risklarni boshqarishda yangi texnologiyalarga tobora ko‘proq tayanmoqda. AI va ma’lumotlar tahlili ushbu jarayonlarni aniqroq va samaraliroq qilish imkonini beradi.

Kitob moliya mutaxassislari, risk boshqaruvchilari, ma’lumot tahlilchilari, akademik tadqiqotchilar va talabalar uchun mo‘ljallangan. Mualliflarning ta’kidlashicha, “Data Analytics and AI for Quantitative Risk Assessment and Financial Computation” kitobi moliya va sun’iy intellekt sohalaridagi tadqiqotlar va amaliy yechimlar uchun muhim qo‘llanma hisoblanadi. U murakkab muammolarni hal qilishni osonlashtiradi va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2023-yilda IGI Global nashriyotida Mohammed Gouse Galety va Arul Kumar Natarajanlarning xalqaro ilmiy doiralarda keng e’tirof etilgan boshqa bir asar — “Python ma’lumotlar tuzilmalari va algoritmlaridan keng foydalanish usullari” (Advanced Applications of Python Data Structures and Algorithms); 2024-yilda esa “Geofazoviy tahlilda etika, mashinaviy o‘qitish va Python”  (Ethics, Machine Learning, and Python in Geospatial Analysis) hamda “Python dasturlash tilida geofazoviy ma’lumotlar ilovalarini yaratish” (Geospatial Application Development Using Python Programming) nomli monografiyalari chop etilgan edi.