CIEP talabasi “Xitoy ko‘prigi” final bosqichiga yo‘llanma oldi
2025-yilning 29-aprel sanasida Samarqand Konfutsiy institutida xalqaro miqyosdagi nufuzli “Xitoy ko‘prigi” (“Chinese Bridge”) tanlovining hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlov — xorijiy talabalarning xitoy tilidagi bilim va ijodiy salohiyatini namoyon etishiga xizmat qiluvchi, ushbu tilni keng targ‘ib qilishga qaratilgan eng yirik xalqaro tashabbuslardan biridir. U har yili Hanban tashkiloti tomonidan dunyoning turli mamlakatlarida tashkil etiladi.


Ushbu yilgi saralash bosqichida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tarkibidagi Xitoy energetika instituti (CIEP) talabalari faol ishtirok etdi. CIEP 2-bosqich talabasi Muhammadiyev Fazliddin va 1-bosqich talabasi Sayfiyev Shohrux universitet nomidan o‘z bilim va iste’dodini namoyish etdilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Fazliddin Muhammadiyev faxrli uchinchi o‘rinni, Shohrux Sayfiyev esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Quvonarlisi, Shohrux Sayfiyev joriy yilning 10-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan tanlovning final bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o’tamiz, Fazliddin Muhammadiyev o‘tgan yili ushbu tanlov doirasida Xitoyda tashkil etilgan “Xitoy ko‘prigi” bahorgi yoshlar oromgohida ishtirok etib, xitoy tili va madaniyatini chuqurroq o‘rganish, hamda amaliy-ko‘nikmaviy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘lgan edi. Bu esa talabalarimizning izchil o‘sayotgan til ko‘nikmalari va ijodiy salohiyatining yorqin isboti bo‘lib xizmat qiladi.


Tanlov davomida ishtirokchilar nafaqat til bilimlarini, balki sahnadagi chiqish madaniyati, xitoy madaniyatiga bo‘lgan qiziqishi va nutq mahoratini namoyon etdilar. CIEP instituti tomonidan yaratilgan ta’lim muhiti, malakali o‘qituvchilar va amaliy yondashuv talabalarning xalqaro maydondagi ishonchli ishtirokiga zamin yaratmoqda.