Madaniy merosdan AI texnologiyalariga: SIUTda o‘tkazilgan ilmiy seminar xulosalari
Bugun sun’iy intellekt nafaqat ilm-fan va texnologiyalarni, balki san’at va madaniyatni ham tubdan o‘zgartirib bormoqda. Samarqand xalqaro texnologiya universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminar ana shu jarayonning yorqin namunasiga aylandi. Tadbirda Koreya OAV va jurnalistika arbitraj komissiyasi komissari, Pai Chai universiteti professori Byon Xo Kan ma’ruza qildi. U o‘z nutqida “AI-Based Video Content Production and Shared Knowledge Base of Altai Culture” (Sun’iy intellekt asosida videokontent yaratish va Altay madaniy merosining umumiy bilimlar bazasi) mavzusida so‘z yuritib, texnologiya va meros uyg‘unligining yangi imkoniyatlarini ochib berdi.

Professorning ta’kidlashicha, OpenAI (ChatGPT) bilan boshlangan texnologik to‘lqin hozirda media sohasini tubdan o‘zgartirmoqda. Ssenariy yozish, videomontaj, tarjima — bularning barchasida sun’iy intellekt inson ijodini quvvatlovchi hamkor sifatida maydonga chiqmoqda. “Yaqin kelajakda biz inson va algoritmlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik davriga kiramiz”, — dedi u.
Seminarda ikki oliygoh — SIUT va Pai Chai universiteti hamkorligida amalga oshirilgan loyihaga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Bunga misol sifatida 2025 yilda Pai Chai universiteti va SIUT tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma loyiha ko‘rsatildi. Ushbu tashabbus doirasida ikki davlat talabalari sun’iy intellekt vositalaridan foydalanib, Tedjondagi diqqatga sazovor joylar haqida videoroliklar tayyorladilar. Videolar koreys, ingliz va o‘zbek tillariga tarjima qilinib, Janubiy Koreyaning yirik ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Jumladan, mamlakatning eng nufuzli nashrlaridan biri — JoongAng Ilbo gazetasida SIUTning “Dizayn” yo‘nalishi talabalari Akmal Islomov va Shohida Rashidova ishtirokidagi intervyu chop etildi.

Byon Xo Kan Markaziy Osiyo va Koreya yarimorolining umumiy ildizlariga, xususan, Altay tamadduniga alohida urg‘u berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, til, mifologiya, ko‘chmanchilik an’analari va musiqiy meros ushbu mintaqalarni birlashtirib turuvchi Altay tamaddunining muhim tarkibiy qismlaridir. Aynan shu meros neyrotarmoqlarni o‘qitishda va ko‘p formatli media kontent yaratishda boy bilimlar bazasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Misol sifatida Afrosiyob muzeyidagi VII asrga oid devoriy surat namoyish etildi. Unda Koguryo davlatidan kelgan elchilik tasvirlangan bo‘lib, bu ikki mintaqa o‘rtasida madaniy aloqalar ming yildan ziyod tarixga ega ekanini ko‘rsatadi. Mazkur tarixiy ildizlar ko‘p tilli hikoyalar yaratish va kross-madaniy media loyihalarni ishlab chiqish uchun mustahkam asosdir.

Seminar nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmadi. Professor Byon Xo Kan SIUT talabalari ishtirokida amalga oshiriladigan yangi loyihalar rejasini taqdim etdi. Xususan, ular Markaziy Osiyo madaniy o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda storytelling bo‘yicha maslahatlar berish, shuningdek, rus va o‘zbek tillarida subtitrlar tayyorlash orqali til lokallashtirish jarayonida ishtirok etadilar.
Bundan tashqari, SIUT talabalari zamonaviy sun’iy intellekt platformalaridan foydalanish, onlayn ta’lim kurslarida qatnashish, xalqaro ko‘rgazma va mavzuli loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Kelgusida esa bu hamkorlik tijorat loyihalariga ham yo‘naltirilishi mumkin.


Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib sun’iy intellekt musiqada, san’atda va adabiyotda inson ijodkorligiga teng darajaga yetadi. Professor Byon Xo Kan ta’kidlashicha, yangi media makonini shakllantirishda texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan va madaniy merosga hurmat bilan yondashuvchi Markaziy Osiyo hamda Koreya yoshlari hal qiluvchi rol o‘ynaydi.