SIUT kutubxonasi IFLA WLIC 2025 xalqaro kongressida O‘zbekistonning eng yaxshi kutubxonalaridan biri sifatida e’tirof etildi
Joriy yilning 18–22-avgust kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida joylashgan “Astana Expo” markazida dunyo kutubxonachilik sohasi tarixidagi eng yirik anjumanlardan biri — 89-Jahon kutubxona va axborot kongressi IFLA (World Library and Information Congress – WLIC 2025) bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ham faol ishtirok etdi.

Mazkur kongress har yili Xalqaro kutubxona assotsiatsiyalari va muassasalari federatsiyasi (International Federation of Library Associations and Institutions-IFLA) tashabbusi bilan o‘tkaziladi. Bugun u nafaqat kutubxona sohasidagi yirik voqea, balki jahon ilmiy-axborot makonini birlashtiruvchi muhim maydonga aylangan. Anjumanda 120 dan ortiq mamlakatdan kelgan 3500 dan ziyod mutaxassis ishtirok etgan bu xalqaro yig‘in global kutubxona hamjamiyati uchun istiqbol yo‘nalishlarini belgilashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.



WLIC 2025 doirasida yalpi majlislar, panel muhokamalar va amaliy seminarlar o‘tkazildi. Asosiy e’tibor zamonaviy kutubxona xizmati, sun’iy intellektdan foydalanish, bibliografik nazorat va mualliflik huquqi, raqamli inklyuzivlik, ilmiy va ta’limiy xizmatlar kabi dolzarb masalalarga qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil oktabr oyida SIUT kutubxonasi EBSCOning “Zamonaviy kutubxonada elektron resurslarni samarali boshqarish” loyihasida mamlakat bo‘yicha TOP-3likka kirgan edi. Universitet kutubxonalari reytingida SIUT ikkinchi o‘rinni egallab, faqatgina Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan keyin qayd etilgan, uchinchi o‘rinni esa Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – Toshkent moliya instituti egallagan edi.
Shuningdek, EBSCO kompaniyasi E-Line Press va O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda tanlov tashkil etdi. Natijalarga ko‘ra, SIUT kutubxonasi 2025-yil aprel–iyul oylarida EBSCO platformasidan samarali foydalangan O‘zbekistonning TOP-10 kutubxonasi qatoridan joy oldi va g‘oliblik sertifikati bilan taqdirlandi.
“IFLA WLIC 2025 — kutubxona va axborot sohasi bo‘yicha dunyodagi eng yirik anjuman. SIUT uchun bu tadbirda ishtirok etish yangi g‘oya va hamkorlik imkoniyatlarini yaratdi. Biz turli davlatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan tajriba almashish, yangi yondashuvlarni joriy etish va innovatsion yechimlarni ishlab chiqishda birlashishimiz zarur”, — deya ta’kidladi SIUT ilmiy va innovatsion ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori Tulkun Samukov.
Anjuman yakunida 2027-yilda IFLA Jahon kutubxona va axborot kongressini o‘tkazish uchun Samarqand shahrini ehtimoliy mezbon sifatida ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.