SIUTda yangi o‘quv yiliga tantanali start berildi
2025-yilning 3-sentabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida (SIUT) 2025–2026-o‘quv yilining ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu kun nafaqat yangi o‘quv yilining boshlanishi, balki yoshlar uchun orzular va ulkan maqsadlarning yangi sahifasi sifatida tarixga muhrlandi, desak adashmaymiz.




Bu kun yana bir tarixiy voqea bilan yodda qoldi — Samarqandda ilk bor "American International School" o‘z faoliyatini boshladi. Amerika ta’lim dasturlari asosida IT yo‘nalishida ta'lim berishga ixtisoslashgan mazkur maktab “maktab–markaz–universitet” ta’lim modelining muhim bo‘g‘iniga aylandi.
2022-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farmoni (PF-60, 28.01.2022, 49-maqsad) asosida tashkil etilgan Samarqand xalqaro texnologiya universitetining bosh maqsadi – muhandislik va texnologiya sohalarida yangi avlod raqobatbardosh mutaxassislarini tayyorlashdir. Bugun bu yuksak vazifa izchil amalga oshirilmoqda. SIUT jamoasida dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlaridan kelgan 50 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda. Yangi o‘quv yilini universitet zamonaviy talablarga mos ravishda jihozlangan, ilmiy izlanish va ijodiy rivojlanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan keng va qulay binolarda boshladi.


Tantanali tadbirni universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev ochib berdi.
“Texnologiya va muhandislik bugungi taraqqiyotning yuragi hisoblanadi. Siz – yoshlar, yangi g‘oyalar va jasoratli tashabbuslaringiz bilan nafaqat universitetimiz, balki butun mamlakatimiz kelajagini belgilaysiz,” — deya ta’kidladi rektor.


Tadbir davomida so‘z olganlar qatorida American International School hammuassisi va direktori o‘rinbosari Mexmanov Sanjar Lutfilloyevich, shuningdek, maktabning akademik direktori Buyuk Britaniyalik Abdurahman Hughes ham samimiy tabriklar bilan chiqish qildilar. Tadbirda so‘z olganlar talabalarga ilmiy izlanishlar, kreativ g‘oyalar va fidokorona mehnat orqali O‘zbekiston kelajagiga munosib hissa qo‘shish zarurligini ta’kidlagan holda, American International School ostonasiga ilk qadam qo‘ygan jajji bolajonlarning o‘qishlariga rivoj va kelajakda barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishlariga tilak bildirdilar.

Shuningdek, universitetning AQShlik birinchi prorektori, provost, 42 yillik xalqaro tajribaga ega professor Bobby Hall ham o‘z nutqida SIUTning xalqaro ta’lim maydonidagi o‘rnini alohida ta’kidladi. Jumladan u shunday dedi:
“Bu maskan — ta’limning yangi jahon darajasini ifodalovchi universitetdir. Har bir talabada cheksiz imkoniyatlar mavjud, biz esa ularni to‘liq ro‘yobga chiqarishga doimo shaymiz.”

Shuningdek, tantanali tadbirda yurtimiz va jahonning yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri “Sanoat Energetika Guruhi” bosh direktori To‘lqin Yusupov ham ishtirok etdi. “Bugun biz yurtimizda yangi intellektual platforma shakllanayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Ishonchim komilki, ushbu maktab va universitet yaqin kelajakda mamlakatimizga jahon darajasida raqobatbardosh yosh liderlar va yuqori malakali mutaxassislarni yetkazib beradi.”— deya ta’kidladi T. Yusupov.

Bu yilgi qabul natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlar bilan SIUTga grant asosida o‘qishga qabul qilingan yosh iste’dodli talabalarimizdan biri — Fotimatazzahro Sa’dilloyeva yosh tengdoshlari nomidan so‘zga chiqib, tengdoshlarini talabalik baxti bilan tabriklab, universitet jamoasiga tengdoshlari bilan birgalikda ilm cho‘qqilarini zabt etib, jonajon vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishga so‘z berdi.

O‘tgan o‘quv yili SIUT uchun katta muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Shulardan eng quvonarlisi — bir guruh talabalarimiz Xitoy va Koreya universitetlarida o‘qishni davom ettirish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasidagi NEEPU Shimoliy-sharqiy elektroenergetika institutida xorijda tahsil olayotgan 3-kurs talabamiz Saodat Saleyevaning onasi Saleyeva Bahora Yusufovna ham ishtirok etib, qizi va uning kursdoshlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikrlarini bayon etdi hamda universitetning 13 nafar talabasininng Xitoy Xalq Respublikasida o‘qishlarini davom ettirishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda qulayliklar uchun ota-onalar nomidan universitet rahbariyatiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Tadbir badiiy chiqishlar bilan yanada jozibali bo‘ldi. Universitet ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, “Talantlarni izlaymiz” Respublika ko‘rik-tanlovi gran-pri sohibasi Zulfiya Rashidovaning dilbar qo‘shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.


O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari va “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmasi a’zosi, birinchi darajali mehnat faxriysi hamda xalq ta’limi a’lochisi, SIUT professori — Xosiyat Bobomurodovaning yoshlarga atab bitilgan dilbar satrlari tinglovchilar qalbida o‘zgacha hayajon uyg‘otib, yoshlarda bilimga intilish, ezgu orzular sari dadil qadam tashlash ishtiyoqini yanada kuchaytirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tantana tadbir ishtirokchilarining universitet madhiyasini birgalikda baralla kuylash hamda ramziy birinchi qo‘ng‘iroq sadolari bilan yakunlandi. Shu onlarda talabalar, ustozlar va mehmonlar qalbida g‘urur va iftixor, kelajakka ishonch va yuksak intilish tuyg‘usi yanada jo‘sh urdi.

Universitet va maktabning birgalikda yangi o‘quv yiliga start berishi ramziy ahamiyatga ega bo‘ldi desak mubolag‘a bo’lmaydi. SIUT talabalari uchun bu — tanlangan kasb yo‘lida dadil qadam, AIS o‘quvchilari uchun esa ta’lim ochib beradigan keng ufqlarning yorqin ifodasidir.
Muxtasar qilib aytganda, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va American International School nafaqat Samarqand, balki butun mamlakatimiz ta’lim tizimi uchun yangi ufqlar ochmoqda. Bu dargohlardan parvoz etuvchi yoshlar kelajakda O‘zbekistonning ilm-fan, texnologiya, iqtisod va madaniyat sohalarida yetakchi bo‘lib, Vatan ravnaqi va xalq farovonligiga munosib hissa qo‘shishni o‘z oldilariga ulkan maqsad qilib qo‘yganlar.


Ma’lumot o‘rnida shuni alohida ta’kidlash joizki, hafta davomida birinchi bosqich talabalari uchun “Orientation Week” — tanishtiruv haftaligi davom etib, ular universitet infratuzilmasi, professor-o‘qituvchilar jamoasi va talabalik hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar.