Chegarasiz ta’lim: SIUT talabalari Janubiy Koreya va Xitoy universitetlarida o‘qishni davom ettirmoqda
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari uchun yangi ufqlar ochilmoqda. Endilikda ular “2+2” dasturi asosida ta’limni 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab “ikki diplomli ta’lim” dasturlari doirasida o‘z o‘qishlarini Janubiy Koreya hamda Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli universitetlarda davom ettirib, xalqaro miqyosda e’tirof etiladigan diplomga ega bo‘lish imkoniyatiga ega. Bu nafaqat talabalarning shaxsiy muvaffaqiyati, balki O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining ham yuksak darajada xalqaro maydonga chiqayotganidan dalolatdir.
“2+2” dasturi yoshlarga ikki mamlakatda tahsil olish tajribasini qo‘lga kiritish, xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘quv-uslubiy tajribasi bilan tanishish, shuningdek, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllanish imkoniyatini taqdim etadi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-iyundagi muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishga oid videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Shu orqali mamlakatimiz yoshlari eng ilg‘or xorijiy ta’lim markazlari bilan bevosita muloqot va hamkorlikda o‘qish imkoniga ega bo‘lishmoqda.


SIUTning Xitoy energetika instituti bakalavr bosqichida tahsil olayotgan bir guruh talabalar 3 kursni endilikda Xitoy Xalq Respublikasining nufuzli Shimoli-Sharqiy elektr energetika universiteti (Northeast Electric Power University, NEEPU)da davom ettiradilar. Bu universitet elektr energetikasi sohasida yetakchi ta’lim maskanlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Xitoydagi ta’lim dasturi SIUT talabalari uchun nazariy bilimlarni real hayotda sinash imkonini bermoqda. Ular ichki yonuv dvigatellari, gaz-turbinali qurilmalar, qozon tizimlari, nasos va elektr zanjirlarini o‘rganish bilan birga, professional xitoy tilini ham egallamoqdalar.



Eng muhim qadam esa — ishlab chiqarish amaliyoti hisoblanadi. Talabalarimiz “Huaneng Jiutai” elektr stansiyasida amaliyot o‘tashmoqda. Bu markaz — mintaqaning eng yirik energetika kompaniyasi “Huaneng Jilin Power Generation Company” tarkibida faoliyat yuritadi. Talabalar bu yerda zamonaviy energiya texnologiyalari, jumladan, qayta tiklanuvchi (“yashil”) energetika bo‘yicha noyob nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘lishmoqda.
Bundan tashqari, “Design” yo‘nalishi talabasi Akmal Islomov o‘qishini Janubiy Koreyaning yetakchi ilmiy-ta’lim markazlaridan biri — Yeungnam universitetida davom ettirmoqda. Samarqandda ikki yillik puxta tayyorgarlikni muvaffaqiyatli yakunlagan Akmal, yangi o‘quv yilidan boshlab “Visual and Communication Design” yo‘nalishida tahsil olib, global dizayn ta’limining ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirish va zamonaviy yondashuvlar asosida kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.


Yeungnam universitetining o‘quv dasturi zamonaviy fanlar bilan boyitilgan. Jumladan:
- AI Design Process
- Brand Design
- Motion Design
- Data Mining Design
- UI/UX Design Process
Mazkur fanlar talabalarga nafaqat kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, balki global vizual kommunikatsiya, media va raqamli dizaynning eng so‘nggi tendensiyalarini chuqur anglash imkonini beradi. Shu bois, SIUT talabalari nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda, ko‘p millatli muhitda innovatsion yondashuvlarni egallab, xalqaro standartlarga mos mutaxassis sifatida shakllanmoqda.
Talabalar xorijda tahsil olayotgan davrida SIUT bilan doimiy aloqada bo‘ladilar. O‘quv jarayoni, ilmiy va tashkiliy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar olib boriladi. Ularning xorijda qo‘lga kiritgan diplomlari O‘zbekistonda ham to‘liq tan olinadi va davlat namunasidagi SIUT diplomi bilan birgalikda topshiriladi. Bu esa yoshlarning xalqaro va milliy mehnat bozorida yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Ushbu imkoniyatlar SIUTning 2023-yilda Xitoyning NEEPU va 2024-yilda Yeungnam Universiteti bilan imzolagan o‘zaro anglashuv memorandumlari asosida amalga oshirilmoqda. “2+2” dasturlar doirasida CIEP va KITC talabalari xorijga chiqishdan avval tezlashtirilgan tartibda xitoy va koreys tillarini chuqur o‘rganadilar. Bu jarayon ularga nafaqat akademik tayyorgarlik, balki xorijiy muhitga madaniy moslashuvda ham mustahkam asos yaratib bermoqda.
SIUTning xalqaro ta’lim maydonidagi faoliyati yildan yilga kengayib bormoqda. Universitetning Xitoy va Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan amaliy hamkorligi nafaqat talabalarga, balki butun mamlakat ta’lim tizimiga yangi ufqlar ochmoqda. Shubhasiz, bunday hamkorlik SIUTni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada xalqaro miqyosdagi nufuzli ta’lim markaziga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.