Skip to main content

SIUT va China Datang korporatsiyasi amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

Joriy yilning 11-sentabr sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida Xitoyning eng yirik energetika korporatsiyalaridan biri — China Datang delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyaga korporatsiyaning tashqi investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori janob Chjou Yuanlun rahbarlik qildi. Uchrashuvda, shuningdek, korporatsiya aksionerlari hamda Datang Buka New Energy Development kompaniyasi vakillari ham ishtirok etdilar.

datang 2

Muzokaralarda SIUT tomonidan universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev boshchiligida universitet rahbariyati hamda ilmiy doiralar vakillari ham ishtirok etdilar. Jumladan, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, texnika fanlari doktori, professor Tulkun Samuqov, Dual ta’lim markazi direktori, iqtisod fanlari doktori, professor Nozir Ibragimov, SIUT qoshida faoliyat yuritayotgan Xitoy energetika instituti dekani, professor Li Sinchan ham qatnashib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.

datang 3

Uchrashuv avvalida rector prof. Yusuf Abdullayev Xitoy bilan hamkorlik aloqalari “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, bu hamkorlik nafaqat yangi avlod muhandislarini tayyorlashga, balki universitet va sanoat o‘rtasida mustahkam ko‘priklar barpo etishga xizmat qilishini alohida qayd etdi.

China Datang vakillari SIUTning xalqaro maydondagi izchil integratsiya yo‘lini yuksak baholab, universitetni kelajak energetikasi uchun kadrlar tayyorlayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy markaz sifatida e’tirof etdilar.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar:

    • qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik (quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari);
    • Samarqandda Energetik innovatsiyalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy-texnik markaz tashkil etish;
    • SIUT talabalari uchun China Datang loyihalari va obyektlarida amaliyot va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish;
    • SIUT talabalari hamda professor-o‘qituvchilarini xalqaro ta’lim dasturlariga faol jalb etish.

datang 5

Muzokaralarda alohida e’tibor talabalarining amaliy tayyorgarligiga qaratildi. China Datang vakillari yoshlarning real energetika loyihalarida ishtirok etishi ularning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish va sanoat talablariga tezkor moslashishida hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladilar. Shu maqsadda, 2025-yil oktyabr oyida SIUTning ikki nafar professori Shanxay elektr energetika universitetida stajirovka o‘tashi belgilandi. Ushbu tashabbus akademik va sanoat hamkorligi asosida barqaror tizimni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur uchrashuv joriy yil iyul oyida o‘tkazilgan muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Unda tomonlar qo‘shma ilmiy markaz tashkil etish, talabalarning amaliyot dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda qayta tiklanuvchi energetika sohasida sinov loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan edi. Endilikda esa ushbu kelishuvlar aniq mazmun bilan boyitilib, amaliy tashabbuslarga aylantirildi.

datang 7

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 2-sentabr kuni Xitoyga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka yangi bosqich ochib berdi. Tashrif davomida davlat rahbari Xitoyning yetakchi korporatsiyalari rahbarlari, jumladan China Datang vakillari bilan uchrashib, energetika, geologiya, qishloq xo‘jaligi, transport va turizm kabi strategik yo‘nalishlarda kelajak hamkorligi istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

"SIUT - China Datang" muzokaralari yakunida tomonlar ta’lim, ilm-fan va energetika sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Dastlabki bosqichda SIUT talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun stajirovkalarni tashkil etish, qo‘shma ilmiy-texnik markaz konsepsiyasini ishlab chiqish hamda qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishida tajriba loyihalarini boshlash belgilandi. Shuningdek, SIUTning dual ta’lim modelini yanada takomillashtirish, amaliyot bazasini China Datang ishlab chiqarish obyektlari hisobiga kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

datang 6

Delegatsiyaning SIUTga tashrifi universitet va China Datang o‘rtasidagi strategik hamkorlik sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Endilikda tomonlar oldida qo‘shma ilmiy-texnik markaz tashkil etish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar uchun amaliyot dasturlarini joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishida innovatsion loyihalarni amalga oshirish kabi ustuvor vazifalar turibdi.