Skip to main content

2025/2026-o‘quv yilida SIUT talabalari uchun 40 ta davlat granti ajratildi

Bugun O‘zbekiston ta’lim maydonida yangi bir davr shakllanmoqda. Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalari endi nafaqat muqobil imkoniyat sifatida, balki davlat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotgan muhim ta’lim markazlariga aylanmoqda. Ana shunday ta’lim dargohlardan biri — Samarqand xalqaro texnologiya universiteti hisoblanadi. SIUT qisqa vaqt ichida mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida o‘zining mustahkam o‘rnini egallamoqda desak yanglishmaymiz. Bunga nafaqat zamonaviy o‘quv dasturlari va ilg‘or xalqaro hamkorlik, balki davlat tomonidan bildirilayotgan yuksak ishonch ham yorqin dalildir.

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun xorijiy universitetlarning O‘zbekistondagi filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga 1 320 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi. SIUT so‘nggi uch yil davomida mamlakatimizda nodavlat OTMlari qatorida davlat grantlariga ega bo‘lib kelmoqda. Bu jarayon O‘zbekistonda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va davlatning xalqaro universitetlarga nisbatan qo‘llab-quvvatlov siyosatining amaliy ifodasidir.

SIUTga ajratilgan davlat grantlari soni yil sayin ko‘payib bormoqda:

Bu yilgi grantlar mamlakatimiz iqtisodiyotida ustuvor bo‘lgan elektrotexnika (Electric Power Engineering, CIEP – 10 grant), konchilik ishi (Mining – 15 grant), neft va gaz muhandisligi (Petroleum Engineering – 15 grant) kabi muhim sohalarga yo‘naltirildi.

Alohida qayd etish joizki, SIUTda o‘qishni istagan abituriyentlardan, avvalo, matematika va ingliz tilidan puxta tayyorgarlik va bilim talab etiladi. Chunki Samarqand xalqaro texnologiya universitetida barcha darslar xorijiy professor-o‘qituvchilar tomonidan ingliz tilida olib boriladi (shu jumladan Koreys texnologiyasi va madaniyati instituti, Xitoy energetika instituti hamda Fransuz muhandislik va biznes oliy maktabida jadallashtirilgan koreys, xitoy va fransuz tillari o‘qitiladi), ta’lim dasturlari esa xalqaro standartlarga asoslangan.

Shuningdek, “Elektrotexnika” (CIEP) yo‘nalishini tanlagan abituriyentlar nafaqat 10 ta davlat grantidan birini qo‘lga kiritish imkoniga ega, balki “2+2” dasturi asosida Xitoy Xalq Respublikasining Jilin shahridagi nufuzli Shimoli-Sharqiy elektroenergetika universitetida (NEEPU) tahsilni davom ettirishlari mumkin.

Jarayon quyidagi tartibda amalga oshiriladi va kimlar hujjat topshirishi mumkin:

2025-yilning 29-sentyabrdan 5-oktyabrga qadar (shu kuni ham) muayyan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun mazkur bayon bilan tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlariga (talabalikka tavsiya etilgan oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi boʻyicha) abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.

⚠️ Eslatma: roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlardan Prezidentning 2019-yil 14-maydagi PQ–4319-son qaroriga muvofiq belgilangan miqdordagi toʻlov undiriladi.

Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashib, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ham mos yo‘nalishlarda ushbu tanlovda qayta ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldilar.

SIUT uchun davlat grantlari nafaqat universitetning ta’lim tizimiga bildirilgan ishonch, balki talabalarning bepul va sifatli bilim olish imkoniyatidir. Eng asosiysi, bu yoshlarning o‘z kasbiy faoliyatini xalqaro standartlarga mos holda qurishi uchun mustahkam zamin yaratadi.