Skip to main content

SIUT MICROMINE foydalanuvchilari VIII Markaziy Osiyo konferensiyada ishtirok etdi

2025-yilning 8–9-oktabr kunlari Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida nufuzli MICROMINE foydalanuvchilarining VIII Markaziy Osiyo konferensiyasi – 2025 bo‘lib o‘tdi. Ushbu yirik xalqaro tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va geologiya sanoati vazirligi hamda Micromine Central Asia kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan yetakchi mutaxassislar, konchilik kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari, jumladan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Tadbir davomida geologiya, konchilik, raqamli modellashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarining amaliy qo‘llanilishi bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan ushbu konferensiya Markaziy Osiyo mintaqasida Micromine dasturiy mahsulotlaridan foydalanuvchilar uchun muhim tajriba almashish maydoniga aylangan. Ishtirokchilar Micromine Origin & Beyond, Micromine Geobank, Micromine Pitram, Micromine Alastri va Micromine Spry dasturlarining turli konchilik va geologik jarayonlarda qanday qo‘llanilayotgani haqida real ishlab chiqarish misollarida taqdimotlar bilan chiqishdi.

Shuningdek, konferensiya doirasida foydalanuvchilar Micromine kompaniyasining yetakchi texnik mutaxassislari bilan bevosita muloqotda bo‘lib, dasturiy ta’minotning yangi imkoniyatlari, so‘nggi yangilanishlar hamda ishlab chiqarishdagi amaliy yechimlar haqida maslahatlar oldilar.

micromine 3

Konferensiyada SIUT nomidan ilmiy va inovatsion ishlar bo‘yicha prorektor, texnika fanlari doktori Tulkun Samukov ishtirok etib, “Micromine dasturiy ta’minotining ta’lim jarayoni va ilmiy tadqiqotlarda qo‘llanilishi” mavzusida taqdimot qildi.

micromine 1

“Bugungi kunda geologik ta’limni raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. SIUTda Micromine dasturidan foydalanish talabalarga geologik jarayonlarni modellashtirish, kon ma’lumotlarini tahlil qilish va ishlab chiqarishdagi real yechimlarni yaratish ko‘nikmalarini beradi. Bu esa ularning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi,” — ta’kidladi professor T. Samukov.

SIUT va Micromine o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik

SIUT va Micromine o‘rtasidagi samarali hamkorlik 2022-yil 5-avgust kuni Tojikistonning Dushanbe shahrida Micromine Pty Ltd (Avstraliya) kompaniyasi bilan imzolangan hamkorlik kelishuvi asosida boshlangan. Bu hamkorlik nafaqat dasturiy ta’minotdan foydalanishni, balki ta’lim, ilmiy tadqiqot va sanoat integratsiyasini ham o‘z ichiga oladi.

micromine 2

2022-yil avgust oyida Dushanbe shahrida Micromine Pty Ltd kompaniyasi bilan hamkorlik kelishuvi imzolandi. Shu asosda SIUT IT-markazi bilan hamkorlikda Micromine Origin dasturi bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etilib, SANEG, Eriell Group va Enter Engineering kompaniyalari muhandis va geologlari ishtirok etdilar.

micromine 5

micromine 6

2023-yil noyabr oyida Moskva shahrida Micromine kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro kon loyihalashtirish olimpiadasida SIUT talabalari O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, eng yosh jamoa sifatida e’tirof etildi. Ular Micromine Central Asia mutaxassisi Sholpan Urispayeva rahbarligida o‘tkazilgan amaliy trening orqali tayyorgarlik ko‘rgan edilar.

micromine 7

micromine 8

2025-yilda SIUT professor-o‘qituvchilari uchun Micromine Origin dasturi bo‘yicha maxsus seminar-treninglar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar Micromine kompaniyasining O‘zbekistondagi hududiy bo‘limi mutaxassisi Stanislav Sovin tomonidan olib borildi.

Ushbu loyihalar SIUT va Micromine o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lib, universitetda raqamli geologiya yo‘nalishini rivojlantirish hamda zamonaviy muhandis-geologlar tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.

SIUTning ushbu nufuzli xalqaro anjumanlarda muntazam ishtiroki, Micromine bilan hamkorlikdagi qo‘shma loyihalari va malaka oshirish dasturlari universitetning ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasi yo‘lidagi barqaror qadamlarini yaqqol namoyon etadi.

Konferensiya davomida ishtirokchilar Micromine dasturining ilg‘or funksiyalari, raqamli modellashtirish, kon loyihalash va ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilimlarga ega bo‘ldilar. Bu esa kelajakda talabalarni sanoat talablari asosida yanada yuqori darajada tayyorlash imkonini beradi.

Konferensiya yakunida Micromine kompaniyasi vakillari va hamkor tashkilotlar o‘rtasida mintaqaviy ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv davomida MICROMINE foydalanuvchilarining X-Markaziy Osiyo konferensiyasini 2027-yilda Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha taklif ilgari surildi.

Mazkur tashabbus Micromine hamda SIUT o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, bu orqali Samarqand nafaqat ta’lim va ilm-fan markazi, balki raqamli geologiya va muhandislik sohasida xalqaro muloqot maydoniga aylanishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun: Micromine — geologiya va konchilik sanoati uchun mo‘ljallangan ilg‘or dasturiy yechimlarni ishlab chiquvchi jahon yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, u foydali qazilmalarni izlashdan tortib, kon qazish jarayonlarini rejalashtirishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini qamrab oladi.