SIUT professorlari Toshkentdagi xalqaro ilmiy-texnik anjumanda ishtirok etdilar
Joriy yilining 16–17-oktabr kunlari Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Muhandislik texnologiyalarida yechimlarni topishda tizimli fikrlash” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur konferensiya Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda yetakchi xorijiy universitetlar — Rossiya, Qozog‘iston, Ispaniya, Vengriya, Slovakiya, Qirg‘iziston, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlar ilmiy muassasalari hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu xalqaro forum muhandislik va texnologiya sohalarida uchraydigan dolzarb muammolarga tizimli yondashuv asosida yechim topish, raqamlashtirish va avtomatlashtirish jarayonlaridagi ilg‘or ilmiy natijalarni muhokama qilish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Quvonarlisi, anjumanda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professorlari ham faol ishtirok etdi. Universitet nomidan ilmiy va innovatsion ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori Tulkun Irgashevich Samukov, French Higher School of Engineering and Commerce instituti dekani professor Jimbo Henri Claver, School of Engineering fakulteti dekani, professor Muhammad Rizo Bahromi o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Tulkun Samukov “SIUT Education and Research for Uzbekistan’s Development” nomli ma’ruzasida universitetda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik dasturlari va ularning O‘zbekistonning innovatsion-texnik rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasi haqida ma’lumot berdi.

Professor Jimbo Henri Claver “Systemic AI – Driven Transformative Education for Innovative Engineering Technology” mavzusidagi chiqishida sun’iy intellektga asoslangan tizimli fikrlash yondashuvining muhandislik ta’limini yangi bosqichga olib chiqishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Professor Muhammad Rizo Bahromi “Engineering Education as a Complex System: Designing Syllabi for a Sustainable Future” mavzusida so‘zlab, muhandislik ta’limi tizimida barqaror rivojlanish tamoyillarini hisobga olgan holda o‘quv rejalari va dasturlarni yangicha konseptda loyihalash zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqaro anjumanda Tsinghua universiteti (Xitoy), Ca’ Foscari universiteti (Italiya), Sankt-Peterburg texnologiya instituti (Rossiya), Yildiz texnika universiteti (Turkiya), AGT Global (Qozog‘iston) hamda boshqa nufuzli ilmiy markazlardan olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, anjuman doirasida “Texnopark” MChJga tashrif, ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida amaliy ekskursiyalar ham tashkil etildi. Bu tashriflar soha vakillari uchun ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yangi ilmiy-texnologik g‘oyalarni birgalikda ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
SIUT xalqaro miqyosdagi bunday ilmiy anjumanlarda muntazam ishtirok etish orqali o‘zining ilmiy salohiyatini, xalqaro ta’lim hamjamiyatidagi obro‘sini mustahkamlab bormoqda. Universitet olimlarining tizimli va innovatsion yondashuvlari O‘zbekistonning texnik ta’lim sohasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.