Skip to main content

SIUTda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va erta turmushning oldini olish mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi

Hayotda ba’zan bir uchrashuv butun yo‘lni o‘zgartiradi. Ba’zan bir ayolning so‘zi — minglab qalblarga ishonch, yuzlab yoshlarga ilhom bag‘ishlaydi.
Bugun Samarqand xalqaro texnologiya universitetida ma’naviyat va tafakkur uyg‘unlashgan, samimiyat va ilhomga to‘la uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bu — “Qizlar davrasi” klubi — nafaqat muloqot maydoni, balki intellektual o‘sish, shaxsiy yuksalish va hayot saboqlari bilan boyitilgan tarbiyaviy maktabdir.
Mazkur an’anaviy uchrashuv SIUT talaba qizlari uchun o‘z hayot yo‘lini izlash, yetuk ayollarning tajribasidan ilhom olish va kelajakka ishonch bilan qarash imkonini berdi.

women edu 1

Tadbirning faxriy mehmonlari — “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari, Respublika “Oqila ayollar harakati” yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 1-, 2-chaqirigʻi deputati, pedagogika fanlari doktori, professor, Oynisa Musurmonova hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Xotin-qizlar bilan ishlash va targʻibot guruhlarini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi, 2020-yildan “Faxriy senator”, Oliy Majlis huzuridagi Gender tengligi komissiyasining ekspertlar guruhi a’zosi, pedagogika fanlari nomzodi, professor Farida Abdurahimovalar bo‘lishdi. Ular dastlab SIUT faoliyati, o‘quv jarayonlari va darslar bilan yaqindan tanishdilar.

Mehmonlar universitetdagi zamonaviy o‘quv muhiti, qizlar faolligi, ilmiy salohiyat va ma’naviy muhitni yuksak baholab, SIUTni nafaqat texnologik ta’lim markazi, balki yoshlarni barkamol inson sifatida tarbiyalayotgan maskan sifatida e’tirof etdilar.

Uchrashuv “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va erta turmushning oldini olish” mavzusida tashkil etildi.

Mavzu doirasida ishtirokchilar oila va jamiyatdagi ayolning o‘rni, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda zamonaviy ayol shaxsini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbatlar davomida ayollarning ta’lim, kasb-hunar va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki, shuningdek, qizlarni hayotga, oilaga va kasbiy mustaqillikka tayyorlashning ahamiyati haqida chuqur tahlillar yuritildi.

women edu 3

Professor Oynisa Musurmonova o‘z chiqishida ayollar o‘qimishli, ma’rifatli va faolligi bilan jamiyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.

U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarimiz hech bo‘lmaganda bir kasb va ikki xorijiy tilni mukammal egallashlari kerak” degan so‘zlarini eslatib, qizlarni bu chaqiriqqa javoban ilmga, til o‘rganishga, kasbiy yuksalishga yanada faolroq intilishga undadi.

“Bugungi dunyo — cheksiz imkoniyatlar maydoni,” — dedi olima. — “Ammo bu imkoniyatlar faqat intiluvchan, bilimga chanqoq, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan insonlargagina nasib etadi. Har bir ayol o‘z taqdirining me’mori bo‘lishi, orzularini o‘zi barpo etishi mumkin. Shunday ekan, sizlar — ertangi kun yaratuvchilari, Vatanimizning ishonchi va faxrisiz. Sizlar jamiyatni yuksaltiruvchi, oilani mustahkamlovchi va xalqning ma’naviy tayanchisiz.”

Olima nafaqat bilim va mehnatning ahamiyatini, balki oilani muqaddas maskan sifatida asrash, ayolning undagi mehr, sabr va mas’uliyatli o‘rnini ham alohida urg‘uladi:

Oila — bu inson hayotining yuragi. Ayol mehr bag‘ishlagan joyda tinchlik bo‘ladi, ayol ilm olgan joyda ma’naviyat yashaydi, ayol ishonch bilan yashagan jamiyatda esa ertangi kunga umid porlaydi.

women edu 4

Senator Farida Abdurahimova o‘z chiqishida O‘zbekistonda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, gender tengligi siyosati va rahbar ayollar maktabining shakllanishi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, uchrashuv davomida Farida opa davlat boshqaruvida ayollar ulushi 35 foizni, Oliy Majlis deputatlarining 38 foizini, magistratura bosqichida tahsil olayotganlarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etishi va ilmiy ishlanmalar natijalarining esa 25 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, 200 nafardan ortiq iqtidorli qizlar davlat dasturi asosida xorijda tahsil olayotgani, ularning orasida texnologiya, energetika, menejment va IT yo‘nalishlarida o‘qiyotgan yoshlar borligi qayd etildi.

“Bugungi ayol — ijtimoiy hayotda faol, tafakkuri teran, jamiyat taraqqiyotining muhim ishtirokchisi,” Sizlar bilimli bo‘lsangiz, oila mustahkam, yurt obod, kelajak esa yorqin bo‘ladi —— dedi Farida opa.

Uchrashuv davomida talaba qizlar mehmonlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar, ular esa o‘z hayotiy tajribalaridan, to‘siqlardan o‘tish yo‘llaridan, muvaffaqiyatning asl siri haqida samimiy so‘zlab berdilar.

Tadbirda “Oqila ayollar harakati” faoliyati, yangi qonun va qarorlar, ayollar uchun grant va ilmiy loyihalarga berilayotgan e’tibor haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi.

Bugungi kunda SIUT talabalarining 38 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Universitetda ular uchun liderlik, ilmiy izlanish, xorijiy stajirovka va grant dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.

women edu 2

“Qizlar davrasi” — bu SIUT qizlari uchun tashkil etilgan doimiy ma’naviy-ma’rifiy klub, unda har bir uchrashuv — yangi hayot sabog‘i, yangi ilhom manbaidir. Mazkur klub doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar qizlarning tafakkurini boyitish, o‘z kuchiga ishonchini mustahkamlash va jamiyatdagi o‘rnini anglashga xizmat qiladi.

Bu an’ana SIUTda yoshlarni nafaqat ilmli va malakali mutaxassis, balki ma’naviy barkamol, mustaqil fikrlaydigan, o‘z yurtiga fidoyi ayollar sifatida tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir desak yanglishmaymiz.