Skip to main content

PROfessors loyihasi. “Ilm – bu insonni kamolga eltuvchi yo‘l”

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professori, texnika fanlari doktori (D.Sc) Kuldasheva Aziza Xoljigitovna bilan suhbat.

— Aziza opa, sizning ilmiy yo‘lingiz Samarqanddan boshlangan, Xitoyda yuksalgan, Yevropada e’tirof topgan. Bu yo‘l qanday kechdi?

— Ilmga bo‘lgan muhabbatim talabalik yillarimdayoq boshlangan. Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida o‘qigan kezlarimda har bir tajriba, har bir laboratoriya ishi menga yangi olam ochardi. Oddiy beton aralashmasi ortida butun bir ilm yotganini anglaganimda, bu sohani tark eta olmadim. Har bir natija yangi savol tug‘dirar, har bir savol esa yangi izlanishga undardi.

aziza kuldasheva 4

Bugun orqaga qarasam, o‘sha birinchi laboratoriya darslari mening butun hayot yo‘limni belgilab berganini his qilaman.

— Sizning xalqaro tajribangiz juda boy. Turli mamlakatlarda tahsil olish va ilmiy izlanishlar olib borish sizga nimalarni o‘rgatdi?

— Har bir mamlakat menga alohida saboq berdi. Xitoy menga ilmiy intizom, sabr va mehnatsevarlikni o‘rgatdi. Latviya va Yevropa menga ekologik tafakkur va “yashil qurilish” g‘oyasini singdirdi.

aziza kuldasheva 2

aziza kuldasheva 8

Hozirda esa Slovakiya Texnologiya Universiteti menga yangi yo‘nalish — “Wollastonit minerali va qayta ishlangan agregatlar asosida eco-betonlarning xossalarini tahlil qilish” loyihasini taklif etdi. Bu “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga to‘la mos ilmiy izlanishdir.

Ilmning eng katta qudrati — u insonni doim o‘rganishga majbur qiladi. Qayerda bo‘lishingizdan qat’iy nazar, ilmiy halollik va mehnat sizni har doim oldinga olib chiqadi.

—  Ilmiy ishingiz beton texnologiyalariga bag‘ishlangan. Bu yo‘nalishning dolzarbligi nimada?

— Bugun butun dunyo ekologik xavfsizlik haqida o‘ylayapti. Qurilish sanoati esa eng katta resurs iste’mol qiluvchi sohalardan biri. Shuning uchun “yashil qurilish” g‘oyasi juda muhim hisoblanadi.

aziza kuldasheva 1

Vollastonit tabiiy minerali betonning mustahkamligini oshiradi, xizmat muddatini uzaytiradi va ekologik xavfsizligini ta’minlaydi, shuningdek qimmat hisoblanuvchi sement mahsulotlari sarfini ancha tejaydi. Mening maqsadim – atrof-muhitni asraydigan, barqaror, energiya tejamkor qurilish materiallari yaratishdir.

Bu nafaqat laboratoriya natijasi, balki kelajak avlod uchun mas’uliyatli qarashdir.

— Siz dunyoning turli burchaklarida yashab, faoliyat yuritgansiz, lekin yurakda baribir bir manzil bo‘ladi — Samarqand sizning hayotingizda qanday o‘zgacha o‘rin tutadi? Qandaydir ma’noda, bu shahar siz uchun ilhom manbaimi, yoki doimo qaytishni istaydigan ruhiy makonmi?

— Samarqand men uchun shunchaki shahar emas — bu ildiz, bu xotira, bu ilhom manbai. Qayerda bo‘lmay, qanday yutuqlarga erishmay, qalbimda doimo Samarqandning nafasi, uning osmoni, odamlari bilan bog‘liq iliqlik bor.

aziza kuldasheva 5

aziza kuldasheva 12

Bu shahar menga mehnatsevarlikni, ilmga hurmatni va orzuga sodiq qolishni o‘rgatgan. Har gal qaytganimda, go‘yo o‘zimning asl manbaimga, kuchimni bergan joyga qaytgandek bo‘laman. Shu sabab bo‘lsa kerak Samarqand men uchun — ilmning beshigi, ruhning sokinligi va hayotning eng yorqin saboqlari jam bo‘lgan maskan.

— SIUTda professor hamda ilmiy kotib sifatida faoliyat yuritish sizga qanday mas’uliyat yuklaydi?

— SIUT — bu yangiliklar va imkoniyatlar makoni. Bu yerda har bir professor va talaba o‘z g‘oyasi, izlanishi va maqsadi bilan yashaydi. Ilmiy kotib sifatida mening vazifam — ana shu fikr va tashabbuslarni bir yo‘nalishga jamlab, ularni aniq ilmiy natijalarga aylantirishdir.

Bugun SIUTda talabalarning 38 foizini qizlar tashkil etadi va ularning muhandislik sohasiga bo‘lgan qiziqishi yildan-yilga ortib bormoqda. Bu, albatta, faxrli holat, chunki mamlakatimizda ayollarni ilmiy va texnik yo‘nalishlarga jalb etish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan.

Shu ma’noda SIUT bugun nafaqat ilm maskani, balki ayollar va erkaklar birgalikda yaratayotgan, teng imkoniyatlar asosida rivojlanayotgan zamonaviy akademik muhitdir.

“Ayol olim – sabr, tafakkur va sadoqat timsoli”

— Texnika sohasida ayol olim sifatida faoliyat yuritish qanday kechmoqda?

— Bu yo‘l oson emas, lekin juda qiziqarli. Ilmda ayolning o‘rni beqiyos. U nozik kuzatuvchan, sabrli va e’tiborli bo‘ladi.

aziza kuldasheva 10

aziza kuldasheva 11

Bugun qizlarimiz o‘zlarini istalgan sohada, xususan muhandislikda ham ko‘rsata olishyapti. Men bunga guvohman — SIUTda qizlar orasida muhandislikka bo‘lgan qiziqish tobora oshmoqda.

Meni ilhomlantiradigan narsa — ularning “Men ham shunaqa bo‘laman” degan ishonchi. Ilmda ayolning har bir qadami – kelajak uchun namunadir.

— “Ilmni sevgan kishi to‘xtamaydi”, deyishadi. Sizningcha, yosh olimlarga eng avvalo nima kerak? Ularni ilm yo‘lida davom etishga nima undaydi, deb o‘ylaysiz? Yosh olimlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Menimcha, yosh olimlarga eng kerakli narsa — sabr, izlanishdan charchamaslik va o‘z kuchiga ishonchdir. Ilm yo‘li oson emas, u har doim sinovlar bilan to‘la bo‘ladi. Ammo aynan shu sinovlar insonni shakllantiradi, tafakkurini charxlaydi va uni yetuklik sari yetaklaydi.

Hech qachon izlanishdan to‘xtamang. Har bir xato — bu yangi tajriba, har bir muvaffaqiyatsizlik — keyingi yutuqqa tayyorgarlikdir. Eng muhimi — mehnatdan zavq olishni o‘rganing. Chunki ilmni chin dildan sevgan inson uchun bu yo‘lning har bir qadami — o‘sish, kamolot va yetuklik sari intilish demakdir.

Aziza Xoljigitovna — o‘z hayoti, tajribasi va mehnati bilan ilm-fan yo‘lida ayolning kuchi, qat’iyati va fidoyiligini namoyon etib kelayotgan olima. Uning ilmiy safarida Samarqandning ma’naviy zaminidan boshlangan yo‘l Xitoy va Yevropadagi ilmiy izlanishlar bilan boyib, bugun SIUTda o‘z samarasini bermoqda.

Bugun u nafaqat ilmiy rahbar, balki yoshlar uchun ilhom, hamkasblar uchun esa fidoyilik va sadoqat namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Suhbat uchun alohida tashakkur, Aziza opa. Sizning hayotingiz — ilmga mehr, mehnatga sadoqat va ayol kuchining eng chiroyli ifodasidir.

Ma’lumot uchun:

    • To‘liq ism-sharifi: Kuldasheva Aziza Xoljigitovna
    • Tug‘ilgan yili va joyi: 1981-yil 15-iyul, Samarqand shahri
    • Lavozimi: SIUT ilmiy kotibi, professor
    • Ilmiy darajasi: Texnika fanlari doktori (D.Sc), PhD
    • Ixtisosligi: Qurilish materiallari texnologiyasi, betonshunoslik, muhandislik inshootlari
    • Ilmiy ishlari: 35 dan ortiq ilmiy maqolalar, 1 ta ixtiro, xalqaro grant loyihalari ishtirokchisi
    • Xalqaro tajribasi: Xitoy, Latviya, Rossiya, Germaniya, Slovakiya
    • Mukofotlari: 2014-yilda Samarqand viloyat kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda “Yilning eng faol yosh olimi” deb topilgan.
    • 2016-yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Yilning eng yaxshi yosh quruvchisi” respublika tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
    • 2017-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi yosh o‘qituvchisi” respublika tanlovida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2025-yilda “Ilm-fan iftixori” xalqaro tanlovi g‘olibi.
    • Xorijiy tillarni bilish: rus, ingliz, xitoy, fors va latish tillarini mukammal biladi. Ilmiy qiziqishlari: Barqaror qurilish, ekologik xavfsizlik va yangi materiallar texnologiyasi.