Samarqand xalqaro texnologiya universiteti: ikki yillik jadal rivojlanish
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ikki yillik faoliyatini nishonlash arafasida 2023-yilda erishilgan asosiy natijalarni sarhisob qilmoqda.
Universitet faoliyatining asosiy natijasi to‘liq o‘quv jarayonining boshlanishi edi. 2023-yilda 200 nafar talaba bakalavriat bosqichining turli yo‘nalishlarida tahsil olishni boshladi. Qolaversa, mazkur oliy o‘quv yurtiga kontrakt asosida talabalarni qabul qilish bilan birgalikda, kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan universitetning 20 nafar talabasiga davlat granti asosida o‘qish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilov davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatini targ‘ib etib, kadrlar tayyorlash uchun maxsus grantlar ajratdi. Bu grantlar “oltin” medal sohiblari, SAT (Scholastic Assessment Test) boʻyicha eng yuqori natijalarni qayd etgan abituriyentlar, har bir yoʻnalishda eng yuqori ball toʻplagan talabalar, bundan tashqari, kompaniyalar guruhi xodimlari va ularning farzandlari, nogironligi bor hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar, Afg‘on urushi qatnashchilarining farzandlariga berilgan.
“Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq O‘zbekiston Prezidenti tomonidan oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan asosiy maqsad – mutaxassislarni jahon ta’lim standartlari darajasida tayyorlashni eng ustuvor vazifa sifatida amalga oshirib kelmoqda. Shu maqsadda SIUT o‘quv dasturlarida ilg‘or innovatsion yondashuvlarni o‘rganish va tatbiq qilish orqali xalqaro hamkorlikni muntazam kengaytirmoqda. Yangi O‘zbekistonning muhandis-xodimlari eng zamonaviy texnologiyalarga ega bo‘lishlari kerak va shunda mamlakatimiz iqtisodiyoti dunyoda doimo o‘zining munosib o‘rnini egallaydi”, - ta’kidladi SIUT Vasiylik kengashi raisi Baxtiyor Fazilov.
Bugungi kunda universitetda ta’lim jarayoni ingliz tilida o‘n bir yo‘nalishda olib borilmoqda.
Qabul quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi:
MUHANDISLIK:
- Geologiya va Konchilik ishi;
- Kimyo muhandisligi;
- Neft va gaz muhandisligi
- Axborot texnologiyalari.
TADBIRKORLIK:
- Tadbirkorlik va menejment;
- Xalqaro logistika (AQSh oliy ta’lim dasturi asosida).
XITOY ENERGETIKA INSTITUTI:
- Issiqlik energetikasi (Xitoy oliy ta’lim dasturlari asosida).
KOREYA TEXNOLOGIYASI VA MADANIYATI INSTITUTI:
- Qayta tiklanadigan energiya manbalari (“Yashil” texnologiyalar);
- Dizayn;
- Raqamli iqtisodiyot.
2023-yilda universitetda Xitoy xalq Respublikasi (XXR) oliy ta’lim dasturlari asosida issiqlik energetikasi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan Xitoy energetika instituti, shuningdek, raqamli iqtisodiyot, qayta tiklanadigan energiya manbalari, dizayn kabi yo‘nalishlarni taklif etuvchi Koreyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti tashkil etildi.
SIUTning barcha ta’lim dasturlari jahonning yetakchi ilmiy markazlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, universitet ta’lim jarayonlariga AQSh, Kanada, Xitoy, Hindiston, Eron, Avstraliya, Jazoir, Janubiy Koreya va Janubiy Afrika, Tunisdagi yetakchi taʼlim va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan ilg‘or tajribaga ega 15 dan ortiq davlatdan 31 nafar xorijlik professor-o‘qituvchilar va mahalliy mutaxassislar jalb etildi. Universitetda Stenford universiteti (AQSh) tomonidan har yili yangilanib turadigan dunyoning eng yaxshi olimlari ro‘yxatiga kiritilgan professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatayotgani ham universitet professor-o‘qituvchilarining yuqori saviyasidan dalolat beradi.
2023-yilda Samarqand xalqaro texnologiya universitetida, an’anaviy tarzda, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
Faoliyatiga qisqa muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramay, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti turli ilmiy muassasa, universitet va ta’limiy yo‘nalishga ixtisoslashgan 30dan ortiq markazlar bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Ular orasida Campbell University, Arizona State University (AQSh) ham mavjudligini aytib o‘tish o‘rinli. Yana bir hamkor Uxta Davlat texnika universiteti hisoblanib, u yerda Kompaniya guruhi muhandislari bilim va malakalarini oshirib keladilar. Yangi zamon talablariga muvofiq, atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” energetikaga o‘tishni ta’minlash maqsadida, The Korean Society for New and Renewable Energy a Research Institute of Clean Energy at Sungkyunkwan University in Korea kabi institutlar bilan memorandumlar ham imzolandi. Xitoyning Shimoliy-Sharqiy Elektr Energetika Universiteti (Northeast Electric Power University), Tianjin Fan va Texnologiya universiteti (Tianjin University of Science and Technology), International Engineering and Technology Institute (IETI) va boshqa oliy ta’lim muassasalarini qayd etmoq o‘rinlidir.
Bundan tashqari, Global Council for Tolerance and Peace, Amerikaning logistika kompaniyasi Sultan Trans Inc. (transport kompaniyasida talabalarni amaliyoti to‘g‘risida) kabi qator xalqaro tashkilotlar, xorijiy o‘quv va ilmiy markazlar va kompaniyalar bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
“Ilg‘or bilimlarga asoslangan innovatsiyalar zamonaviy, dinamik o‘zgaruvchan dunyoda barqaror rivojlanishning kafolatidir. Har qanday davlat iqtisodiyotining barcha sohalarini jadal modernizatsiya qilish zamirida faqat va faqat fan yotadi. O‘zbekistonda yangi avlod texnolog-muhandislarini tayyorlash maqsadida ikki yil avval bizning universitet tashkil etilgan”, - deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev.

Talabalar va pedagoglar uchun yangi istiqbollar va imkoniyatlar ochadigan yana bir muhim xalqaro loyiha - universitetning Global Ta’lim Konsorsiumi (CGE) bilan hamkorligi bo‘ldi. SIUTda CGE prezidenti Carolyn Bishop boshchiligidagi Global Ta’lim Konsortsiumiga (CGE – Consortium for Global Education) a’zo AQShning beshta universitet prezidentlaridan iborat delegatsiyasi tashrif buyurdi. 2023-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan CGE delegatsiyasi bilan uchrashuvda SIUTda oʻqitiladigan turli dasturlarni sertifikatlashtirishda Konsortsiumga zarur yordam koʻrsatish, shuningdek, universitet MBA (Master of Business Administration) dasturini ochish boʻyicha oʻquv masalalari muhokama qilindi.

Shuni ta’kidlash kerakki, SIUTdagi o‘quv jarayoni bu o‘quv, amaliyot va tadqiqot ishlarining o‘ziga xos sintezidir. Ishlab chiqarish obyekti – Boysun gazni qayta ishlash zavodiga birinchi amaliyot tashrifi 2023-yil mart oyida bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv muhandislik yo‘nalishi talabalari uchun muhim voqea bo‘ldi. Bundan tashqari, talabalar uchun amaliy mashg‘ulotlar Samarqand xalqaro aeroporti, “SAMARQANDKIMYO” zavodi, “Silk Road Samarkand” majmuasida ham tashkil etilmoqda.
Shuningdek, Samarqand xalqaro texnologiya universitetida yurtimizdagi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan farqli ravishda, ilk bor o‘zbek tili va madaniyati markazi davlat tiliga yuksak hurmat va muhabbat namunasi o‘laroq tashkil etildi. Markazning asosiy vazifasi o‘zbek tilini talabalar va xorijlik professorlar o‘rtasida targ‘ib etish, xalqimizning qadim tarixi va madaniyati, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini tarannum etish, o‘zbek milliy san’ati va raqsi xususan, milliy maqom san’atining bor jozibasini namoyish qilish, talabalarni ona vatanga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.
SIUTning yangi tarkibiy bo‘linmasi sifatida “Inson. Madaniyat. Tinchlik” Xalqaro ilmiy va o‘quv markazi (“Personality. Culture. Peace” International Scientific and Enlightening Center) o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu markaz o‘z oldiga madaniy, ma’rifiy va ta’lim jamoat amaliyotida tinchlik va zo‘ravonliksiz artefaktlarni namoyish etish, fuqarolik diplomatiyasining nazariy va amaliy bilimlari va zamonaviy amaliyotlari asosida tinchlik madaniyati va gumanistik pedagogika, shu jumladan BMT va YUNЕSKO loyihalari orqali dasturlarini ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Universitetda Samarqand shahri imidjini xorijda targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 13-oktabr kuni Samarqand xalqaro texnologiya universitetida “18-oktabr Samarqand shahri kuni”ga bag‘ishlangan “Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi” kitobining ilk inglizcha nashri taqdimoti o‘tkazildi.

Universitet talabalar jamoasi 2023-yilning 14-16-noyabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida “MISIS” Milliy texnologik tadqiqot universitetida Avstraliyaning nufuzli Micromine kompaniyasi hamkorligida “Tog‘-geologik axborot tizimlarda karerlarni dasturlash” xalqaro Olimpiadasining final bosqichida SIUT talabalari — Xalqaro olimpiada ishtirokchilari orasida eng yosh jamoa sifatida ishtirok etdi.
2023-yilda universitetning zamonaviy kampusining qurilishi ham faol amalga oshirildi. Jami 1200 talabaga mo‘ljallangan yangi bino shu yilning sentabr oyida talabalar uchun o‘z eshiklarini ochadi.

2023-yil yakunida Scienceweb platformasining ma’lumotlar ba’zasiga ko‘ra, SIUT O‘zbekiston universitetlari ilmiy tadqiqotlari milliy ma’lumotlar bazasida faxrli ikkinchi o‘rinni egallaganini ham alohida ta’kidlash joiz. Tanlov mezonlari universitetlarda ishlayotgan olimlarning umumiy oʻrtacha h-indeksi va “Scopus”, “Web of Science” va “Google Scholar” kabi global maʼlumotlar bazalarida indekslangan xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalariga berilgan iqtiboslar soni hisoblanadi.