“PROfessors” loyihasining ikkinchi soni mehmoni — professor Jimbo Claver
SIUT Media markazi “PROfessors” loyihasi orqali universitet professor-o‘qituvchilari bilan suhbatlarini davom ettirmoqda. Loyihamizning navbatdagi soni mehmoni kamerunlik amaliy matematika professori - Jimbo Henri Claver.
Assalomu alaykum, professor Jimbo! Loyihamizga xush kelibsiz! Vaqtingizni ajratganingiz uchun tashakkur, ishonchimiz komil, siz bilan qiziqarli suhbat bo'lib o‘tadi va auditoriyamiz, ayniqsa, talabalar bugungi son orqali faoliyatingiz, hayotiy tajribalaringizga oid ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘ladilar!
Assalomu alaykum! Ushbu qiziqarli loyihaning mehmoni bo‘lish men uchun ham katta sharaf.

Keling, bu safar ham an’anamizga sodiq qolgan tarzda boshlaylik: odatda qahramonlarimiz birinchi bo‘lib o‘zlarining bolalik yillari, ilm-fan olamiga qo‘ygan ilk qadamlari va muvaffaqiyatlari haqida gapiradilar.
Men Kamerun poytaxti Yaunde shahrida kamtar, dindor oilada tug‘ilganman. Oilamizda har doim ta’limga katta e’tibor berilgan va maktabda o‘qib yurgan kezlarim matematika va texnikaga bo‘lgan muhabbat kuchli bo‘lgan. Turli hodisalarni, ular qanday va nima uchun sodir bo‘lishini o‘rganishga qiziqdim va fikrimcha, matematika sodir bo‘ladigan hamma narsaning zamirida ma’lum darajada borligini tushunish menda ushbu qiziqarli fanga qiziqish uyg‘otdi. Bu qiziquvchanlik keyinchalik mening kelajakdagi faoliyat sohamni tanlashimga kuchli turtki berdi.
Professor, siz oliy ta’limni Rossiyada olganingizdan xabarimiz bor. Hayotingizning ushbu bosqichi haqida nimalar deysiz?
To‘g‘ri aytasiz, ilm-fan olamiga ilk jiddiy qadamimni M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida “Amaliy matematika” yo‘nalishida tahsil olishdan boshlaganman. Uning fundamental matematikadan farqi shundaki, u o‘rganilayotgan muammoning haqiqatini, u qanday ishlashini va nima harakatga keltirishini o‘rganish imkonini beradi va masalani o‘rganish uchun cheksiz ko‘p vositalardan foydalanish mumkin. Amaliy matematika nafaqat hisoblash, barcha turdagi hodisalarni simulyatsiya qilishni o‘z ichiga oladi, balki loyihalash va hatto prognoz qilish ham bu yo‘nalishni qamrab olgan. Bu fan qiziqarli bo‘lish bilan bir qatorda, uning imkoniyatlari ham juda yuqori. Bir necha yil o‘qish mobaynida mazkur oliygohdan bakalavr, magistr va doktorlik darajasini olish baxtiga muyassar bo‘ldim.
Siz bir joyda to‘xtab qolmadingiz va boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham faoliyat olib bordingiz. Xalqaro tajribangizdan qanday qiziqarli voqealar bilan o‘rtoqlasha olasiz?
Siz haqsiz, doktorantura bilan ham cheklanib qolmadim. Hisoblash va amaliy statistika bo'yicha bilim doiramni kengaytirishga qat’iy qaror qildim. 24 yil oldin, doktorlik dissertatsiyamni himoya qilganimdan so‘ng Kanada, Yaponiya, Avstraliya va Germaniyada bir nechta postdoktorlik stipendiyalarni oldim. Lekin ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar sohasida ilg‘or mamlakatlardan biri sifatida tanlovim Yaponiya bo‘ldi. Bu mamlakatda amaliy matematika alohida o‘rin tutadi, chunki butun Yaponiya uning asosida “qurilgan”. Bu yerda 15 yildan ortiq faol ilmiy faoliyatimni o‘tkazdim.
Ma’lumot o‘rnida: Jimbo Henri Claver bir qator universitetlarda ishlagan: ISM Statistik matematika instituti (ISM – Institute of Statistical Mathematics, Tokio), Waseda universiteti (Tokio), Lakeland xalqaro universiteti (Tokio), shuningdek Nara fan va texnologiya instituti (NAIST – Nara Institute of Science and Technology).
Men dinamikani va manzarani o‘zgartirishni yaxshi ko‘radigan odamman. Dunyo kezishni, turli millat vakillari bilan tanishishini xush ko‘raman. Shunday qilib, Yaponiyadagi ancha samarali ishimdan so‘ng, men Xitoyga ko‘chib o‘tdim va u yerda Shanxay fan va texnologiya universitetida ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim. Ilmiy hayotimdagi navbatdagi manzil Buyuk Britaniyadagi yaʼni Qirollikning hattoki Yevropaning yetakchi tadqiqot universitetlaridan biri – York universiteti (University of York) boʻldi. Shuningdek, Quvaytdagi Amerika xalqaro universiteti (AIU - American International University) va Afg‘oniston Amerika universitetida (AUAF - American University of Afghanistan) ham bir muddat ishladim.
Siz nihoyatda boy xalqaro tajribaga egasiz va SIUT sizning ro‘yxatingizda o‘z o‘rnini egallagani ham quvonarli. Universitet haqidagi taassurotlaringiz, SIUTda erishgan yutuqlaringiz haqida biroz to‘xtalsangiz?
Men yuqorida aytib o‘tganimdek, yangidan yangi qiyinchiliklarni qidiradigan odamman. Yangi O‘zbekiston, shubhasiz, yangi chaqiriq, chunki bu mamlakatda barcha sohalarda, ayniqsa, fan va ta’lim sohasida ulkan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘zbekistonda ta’lim tizimining jadal rivojlanayotgani, xususan, xalqaro ekspertlarni jalb etish va o‘quv dasturlarini ilg‘or xalqaro standartlarga mos ravishda o‘zgartirish meni o‘ziga tortdi. SIUT bu barcha islohotlarning timsolidir, xalqaro ilmiy fikrning jamlangan joyidir va men uning bir qismi bo‘lishdan mamnunman. O‘qitish jarayonida o‘quvchilarimga ham o‘zimning fanga bo‘lgan his-tuyg‘ularimni yetkazishga harakat qilaman, chunki qiziquvchanlik, noma’lum narsani kashf etishga intilish fanni bilish jarayonini yanada qulayroq va samaraliroq qiladigan fazilatlardir. Mening darslarim har doim mantiqiy, tizimli va ijodiy fikrlashga asoslanadi, shuning uchun talabalar amaliy matematikaning hayotimizda qanchalik muhimligini, turli xil davom etayotgan jarayonlar u bilan qanday bog‘liqligini va muayyan vaziyatlarning borishini qanday qilib “oldindan bilish” mumkinligini tushunadilar.


SIUTdagi ish tajribam haqida gapirganda, do‘stona muhit, professor-o‘qituvchilar tarkibining beqiyos keng geografiyasi o‘zaro qimmatli tajriba almashish uchun ajoyib imkoniyat yaratayotganini alohida ta’kidlashim lozim. Sababi, ilmiy nuqtai nazardan, universitet ham jadal rivojlanib, bir yil ichida respublika oliy o‘quv yurtlari orasida ilm-fan bo‘yicha eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlaridan biri unvonini olishga muvaffaq bo‘ldi. Men uchun 2023-yil ham ancha samarali bo‘ldi. Masalan, oktabr oyida o‘tkazilgan InnoWeek-2023 innovatsion haftaligida hamkasblarim bilan birga universitet sharafini himoya qilib, seminarlarda faol ishtirok etganim uchun sertifikat bilan taqdirlandim. Haftalik yakunida SIUTga “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining kreativ ta’lim va innovatsiyalar asosiga qo‘shgan hissasi uchun” sertifikati topshirildi. Shuningdek, Samarqand davlat universiteti, SamDU Kattaqo‘rg‘on filialida o‘tkazilgan turli seminar-treninglarda mutaxassis (trener) va ma’ruzachi sifatida bir necha bor ishtirok etib, sertifikat va mukofotlar bilan taqdirlandim. Joriy yilda ham oldimizga qo‘ygan rejalarimiz bisyor, shulardan biri universitet tomonidan butun dunyodan o‘nlab olimlarni birlashtirgan “Miqdoriy moliya va miqdoriy risklarni boshqarish” bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur, professor Jimbo! Xudo xohlasa, bunday suhbatlarni yana davom ettiramiz va uchrashuvimiz yakunida talabalarimizga tilaklaringizni yo‘llashingiz mumkin.
Avvalo qiziqarli loyihaga taklifdan minnardorman. Men uchun ham bugungi suhbatimiz ajoyib bo‘ldi. Talabalarimizga, bo‘lajak muhandislarga ulkan muvaffaqiyatlar, o‘z o‘rinlarini topishga va eng muhimi, ishini sevishlarini tilayman! Va albatta, har birimiz mukammallikka intilishimiz kerak, chunki bu taraqqiyotning eng kuchli tayanchidir!
Sizning birgina tilagingizda o‘zida ham ko‘p ma’no mujassam, professor! Biz ham fursatdan foydalanib, ishlaringizga muvaffaqiyatlar, yangi ilmiy yutuqlar va g‘alabalar tilaymiz!