Skip to main content

SIUT va YUNESKO: hamkorlik sari ishonchli qadam

2025-yilning 4-noyabr sanasida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rahbariyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — YUNESKOning Ijtimoiy va gumanitar fanlar sektori tarkibidagi “Inklyuzivlik, huquqlar va madaniyatlararo muloqot” bo‘limi qoshidagi “Ipak yo‘li” dasturi rahbari, Dr. Mehrdod Shabahang bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur tashrif SIUT va YUNESKO o‘rtasida ta’lim, fan va madaniyat sohalarida strategik hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi desak yanglishmaymiz. Uchrashuv davomida bir qator muhim tashabbuslar muhokama qilindi, jumladan SIUT negizida YUNESKO kafedrasini tashkil etish; “Ipak yo‘lida muloqot va tinchlik yo‘lida xalqaro yoshlar forumi”ni o‘tkazish; hamda bir qator qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish masalalari.

unesco 2

Uchrashuvda SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev, madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor, professor A’lam Ibragimov va “Inson. Madaniyat. Tinchlik” ilmiy-ma’rifiy markazi rahbari Anatoliy Ionesovlar ishtirok etdilar.

Tashrif chog‘ida SIUT talabalari tomonidan YUNESKO tashkil etilganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan tayyorlangan “YUNESKO haqida faktlar” nomli videorolik hamda universitetning ilmiy, akademik va madaniy yutuqlarini aks ettiruvchi taqdimot namoyish etildi.

unesco 4

Rektor Yusuf Abdullayev uchrashuv davomida universitet tomonidan chop etilgan nashrlarni taqdim etar ekan, SIUTning jahon ilmiy va madaniy merosini asrash, uni keng targ‘ib etish hamda yosh avlod qalbida qadriyat sifatida shakllantirish yo‘lidagi sadoqatini alohida ta’kidladi. Taqdim etilgan nashrlar orasida:

    • Mirzo Ulug‘bekning buyuk asari “Ziji jadidi Koʻragoniy”ning to‘rt tildagi (o‘zbek, ingliz, xitoy va rus) birinchi nashri;
    • Alisher Navoiy asarlariga bag‘ishlangan “Shoirga toj” miniatyuralar to‘plami (o‘zbek, ingliz, xitoy va rus tillarida);
    • Akademik Eduard Rtveladzening “Buyuk Ipak yo‘li” kitobi (o‘zbek, xitoy va rus tillarida);
    • rus va ingliz tillaridagi “Samarqand: madaniyatlararo muloqot makonida shahar qiyofasi. Xorijiy Samarqandiyona ensiklopediyasi”;
    • hamda to‘rt jildli “Inson. Madaniyat. Tinchlik” loyihasining birinchi jildi — “Nobel mukofoti sovrindorlari”. Bu asar ayni paytda Samarqandda o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga bag‘ishlangan.

Dr. Mehrdod Shabahang SIUTning tinchlik madaniyatini mustahkamlash va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish yo‘lidagi faoliyatini yuksak baholadi. U, xususan, universitet tashabbuslari bo‘lgan “Choy. Madaniyat. Tinchlik!” xalqaro festivali hamda “Navro‘z Regata” loyihalarini alohida e’tirof etdi.

YUNESKO vakili ta’kidlaganidek, mazkur tadbirlar tashkilot falsafasiga to‘la mos bo‘lib, nomoddiy madaniy merosni asrash, choy madaniyati va Navro‘z bayramiga oid qadimiy an’analarni saqlab qolish hamda ularni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

unesco 9

Shuningdek, faxrli mehmon SIUTga YUNESKO tomonidan chop etilgan yangi uch jildlik nashr — “Me’moriy yodgorliklar va urbanizm. Ipak yo‘llari bo‘ylab madaniy almashinuvlar to‘plami” kitobini sovg‘a qildi.

Uchrashuv amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Tomonlar ilmiy nashrlar sohasida qo‘shma ishlar olib borish, shuningdek, 2026-yil may oyida “Choy. Madaniyat. Tinchlik!” xalqaro festivalini YUNESKO homiyligida o‘tkazish imkoniyatini muhokama qildilar.

unesco 6

Alohida e’tibor SIUT qoshida YUNESKO kafedrasini tashkil etish masalasiga qaratildi. Ushbu kafedra xalqaro ilmiy hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi global akademik platformaga aylanishi kutilmoqda.

Tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va ularni amaliy bosqichda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Kelgusi uchrashuv 2026-yil mart oyida Parijdagi YUNESKO Bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.