SIUT va USTUN Group IT-soha yetakchilarini tayyorlashda kuchlarini birlashtirmoqda
Bugungi kunda IT sohasining tez sur’atlarda kengayib borishi ta’lim muassasalaridan nafaqat zamonaviy bilim, balki real amaliyot bilan bog‘langan yondashuvni ham talab qilmoqda. Aynan shuning uchun Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ta’lim jarayonini auditoriya bilan cheklab qolmay, balki iqtisodiyotning real sektori bilan hamkorlikda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shu maqsadda universitet o‘zbek-amerika qo‘shma IT-kompaniyasi “USTUN Group” bilan o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzoladi. Ushbu hamkorlik SIUTda shakllanayotgan amaliy IT ta’lim modelini yanada kuchaytirishga, talabalarning texnik ko‘nikmalarini real loyihalarda sinab ko‘rishiga keng imkoniyat yaratishga qaratilgan.

SIUTning “School of Computing” fakulteti bugungi kunda eng talabgir va jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlar — sun’iy intellekt (AI) va kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlamoqda. Ta’lim jarayoni xalqaro standartlarga asoslangan bo‘lib, darslar Hindiston va AQShdan taklif qilingan mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda.
Shuningdek, SIUTda dual ta’lim modeli joriy etilgan bo‘lib, talabalar o‘qishning ilk bosqichlaridanoq real loyihalarda ishlash tajribasini orttiradi. “Computing Project Expo 2025” esa bu jarayonning natijalarini ko‘rsatib, talabalarning texnik va kommunikativ ko‘nikmalari qanday rivojlanayotganini namoyish etdi.
USTUN Group bilan imzolangan memorandum SIUT talabalari uchun rivojlanishning yangi bosqichini ochadi. Chunki ular allaqachon xalqaro maydonlarda o‘z salohiyatini namoyon etib kelmoqda. Bunga bir qator misollarni keltirish mumkin:
- 2024-yil noyabr oyida Dubayda bo‘lib o‘tgan SMART24 konferensiyasida “School of Computing” talabalari tomonidan taqdim etilgan to‘rtta innovatsion loyiha mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan;
- “Kompyuter fanlari” va “Geomuhandislik” yo‘nalishlari talabalari 2023-yilda Moskvada o‘tkazilgan VI Xalqaro Micromine olimpiadasida munosib natijalar qayd etgan;
- 20 ga yaqin SIUT talabasi xalqaro School 21 dasturlash maktabining murakkab tanlov bosqichi (“basseyn”)ni muvaffaqiyatli yakunlab, asosiy o‘qish bilan birga intensiv dasturlarni davom ettirgan;
- “School of Computing” talabalari — Samirjon Tursunov va Farangiz Bobokulova — 2025-yilda Nijniy Novgorod shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon yoshlar festivalida SIUT nomidan ishtirok etgan.
Bu tajribalar SIUT talabalari xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsata olishini tasdiqlamoqda desak xato bo‘lmaydi. Ularning turli musobaqa va konferensiyalardagi ishtiroki real raqobatga tayyorlik darajasini yaqqol namoyon etadi. “USTUN Group” bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik esa shu jarayonning mantiqiy davomi bo‘lib, talabalarga yanada kengroq amaliy imkoniyatlar yaratadi.

Hamkorlik memorandumi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev va “USTUN Group” direktori Kristofer Armstrong tomonidan imzolangan. Mazkur hujjatning asosiy maqsadi — SIUT talabalari uchun real IT loyihalarida ishtirok etish imkonini beruvchi, amaliy tayyorgarlikka yo‘naltirilgan malakaviy stajirovkalar dasturini tashkil etishdir. Bu tashabbus ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish orqali talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Hujjatda tomonlarning majburiyatlari aniq belgilangan. Jumladan:
- “USTUN Group” talabalarga o‘qish yo‘nalishlariga mos, mazmuni boy va aniq tuzilgan topshiriqlar taqdim etadi. Bu vazifalar talabalar portfoliolarida real loyihalar ko‘rinishida aks etishiga xizmat qiladi;
- kompaniya stajirovkachilar bilan ishlash uchun mas’ul mutaxassislarni tayinlab, ularning faoliyatini yo‘naltiradi va baholab boradi;
- talabalarga kompaniyaning mavjud resurslari, o‘quv materiallari va texnik imkoniyatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
- Samarqand xalqaro texnologiya universiteti esa stajirovka jarayonini akademik jihatdan boshqaradi, talabalar rivojini monitoring qiladi va amaliyotni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalar uchun tegishli ta’lim kreditlarni ajratadi.

Hamkorlikning ilk amaliy natijalaridan biri sifatida "School of Computing" talabasi Mironshoh Ahmadov hozirda “USTUN Group”da muhandis-stajyor sifatida faoliyat yuritmoqda. U tajribali mutaxassislar bilan birga ishlash orqali o‘z ko‘nikmalarini amaliy jarayonda mustahkamlab bormoqda. Memorandum esa aynan shu tajribani kengaytirib, yanada ko‘proq talabaga real IT loyihalarida ishtirok etish imkonini yaratadi.

SIUT va “USTUN Group” o‘rtasidagi ushbu hamkorlik — talabalar texnik bilimini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiluvchi strategik tashabbusdir. Bu yondashuv Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bitiruvchilarining global IT bozorida raqobatbardosh, mustahkam nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassis sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.