Skip to main content

Bir makon, bir yo‘l, bir maqsad. Samarqandda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligi tantanali ravishda nishonlanadi

Mehnatsevar, mard, tanti, sadoqatli va mas’uliyatli, bag‘rikeng hamda fidoyi Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining oila, davlat va hayot haqidagi qarashlari mushtarak. Bundan qariyib 3000 yil muqaddam Buyuk ipak yo‘li xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik aloqalarini o‘rnatish, o‘zaro hamkorlik qilish va bir-birini boyitish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilgan.

cn uz 3

Xitoy Xalq Respublikasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Bir makon – bir yo‘l” xalqaro megaloyihasi mintaqa mamlakatlari o‘rtasida, jumladan, fan, ta’lim va texnologiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashning asosiy omiliga aylandi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi xalqaro maydondagi do‘stlikning yorqin namunasidir”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60 sonli Farmoni asosida bilan tashkil etilgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Xitoyning o‘nlab yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy texnik markazlari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bu hamkorlik ilmiy tadqiqotlar, akademik aloqalar, qo‘shma ta’lim dasturlari, shuningdek, madaniy almashinuv kabi keng yo‘nalishlarni qamrab oladi.

cn uz 5

Quvonarlisi, universitetning xitoylik hamkorlar bilan aloqalari tarixidagi yana muhim voqealardan biri SIUT rektori, professor Yusuf Abdullayev joriy yilning 8-sentyabr kuni Girin (XXR) shahriga yaqinda boʻlib oʻtgan Shimoli-Sharqiy elektro energetika universitetining (NEEPU) 75 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali tadbirning faxriy mehmoni sifatida taklif etilishi bo‘ldi.

Mazkur tadbirda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti bilan olib borilayotgan yaqin hamkorlik aloqalari alohida e’tirof etildi.

NEEPU tashkil etilganining 75 yilligini nishonlash doirasida professor Yusuf Abdullayev Samarqand xalqaro texnologiya universitetini Shimoliy-Sharqiy elektroenergetika universiteti bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari haqida keng jamoatchilikka tanishtirish sharafiga muyassar bo‘ldi.

cn uz 2

“Davlatlarimiz o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch va birgalikda taraqqiyotga intilish asosida chinakam qardoshlik munosabatlari mavjud. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti Xitoyning yetakchi universitetlari, jumladan, yaqin hamkorimiz Shimoli-Sharqiy elektroenergetika universiteti bilan hamkorlikni faol rivojlantirayotganini faxr bilan qayd etmoqchiman”, – dedi SIUT rektori prof. Yusuf Abdullayev.

Ikki universitet o‘rtasida samarali hamkorlik aloqalarining amaldagi natijasi o‘laroq ilk bor Markaziy Osiyoda yagona – to‘liq Xitoy OTM dasturlari asosida SIUT qoshida tarkibida Xitoy energetika instituti (CIEP) tashkil etildi.

XXRning iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari, jumladan, energetika sohasidagi ilg‘or texnologik yutuqlarini inobatga olgan holda, SIUTda Xitoy energetika institutining ochilishi Yangi O‘zbekiston uchun yuqori malakali elektromuhandis kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda SIUT qoshidagi Xitoy Energetika Institutida NEEPU bilan qoʻshma bakalavriat (2+2) dasturi asosida 40 nafar talaba tahsil olmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, CIEPda darslar boshqa an’anaviy energetika yo‘nalishlaridan farqli o‘laroq, o‘zbek va rus tilida emas, aynan ingliz va xitoy tillarida olib borilmoqda. Shuningdek birinchi kursdanoq jadallashtirilgan maxsus xitoy tili kurslari tashkil etilgan. Eslatib o‘tamiz, CIEP talabalarining o‘qishni Xitoyda davom ettirishlari “Double Diploma” dasturiga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu institutda o‘qish “2+2” shaklida, ya’ni talabalar 2 yil O‘zbekistonda va 2 yil Xitoyda o‘qish orqali bir yo‘la ikkita diplom sohibiga aylanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, CIEP talabalari uchun turli talaba lagerlari va yozgi maktablar tashkil etdi. Yil boshidan buyon talabalarimiz qator tadbirlarda faol qatnashib kelmoqdalar. Misol uchun, 2024-yil aprel oyida Fazliddin Muhammadiyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar talabalari uchun har yili oʻtkaziladigan “Chinese Bridge” xalqaro bahorgi talabalar oromgohi ishtirokchisi boʻldi. Yaqinda CIEPning yana uch nafar talabasi – Saodat Saleeva, Amir Niyozov va Olim Do‘stmurodovdan iborat guruh joriy yilning avgust oyida Shimoli-Sharqiy elektroenergetika universitetida “Talabalar almashinuvini kengaytirish va Xitoy-O‘zbekiston do‘stligini chuqurlashtirish” mavzusiga bag‘ishlangan maxsus yozgi oromgohda qatnashib qaytdilar. Talabalar NEEPU o‘quv dasturlari, xorijlik talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, amaliy yo‘nalishlar va laboratoriyalar bilan yaqindan tanishdilar. Mavjud NEEPU issiqlik elektr stansiyasida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda ham bevosita ishtirok etdilar.

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti va Shimoli-Sharqiy elektroenergetika universiteti o‘rtasidagi hamkorlik akademik va ilmiy aloqalardan tashqari O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. “Navro‘z Regata” xalqaro festivallari, choy festivallari, turli ko‘rgazmalar kabi qo‘shma tadbirlar Xitoy va O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

cn uz 7

cn uz 1

SIUT rektori prof. Yusuf Abdullayevning Shimoliy-Sharqiy elektroenergetika universitetiga tashrifi doirasida NEEPU prezidenti – prof. Cai Guowei bilan ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, xususan, universitetlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini kengaytirish rejalarini muhokamasiga oid muzokara bo‘lib o‘tdi. Muzokara chog‘ida prof. Cai Guowei, CIEP faoliyatiga to‘xtalar ekan, yozgi maktab dasturida faol ishtirok etgan talabalarimizning bilimi va dunyoqarashi ayniqsa, ularning xitoy tilini bilish darajasini yuqori baholar ekan (hatto talabalar bilan bemalol xitoy tilida suhbatlashgani aytib o‘tdi) va  yangi o‘quv yilidan boshlab Xitoy Energetika instituti bilan hamkorlikni yangi pog‘onaga ko‘tarish, yangi ta’lim dasturlarini ochish; ikki universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari o‘rtasida akademik almashinuvni rivojlantirishga va’da berdi. Bu esa universitetimiz talabalari uchun enegetika sohasiga oid yangi ufqlar ochilishiga zamin yaratadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, SIUT va NEEPU o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi samarali hamkorlikning yorqin namunasi bo‘lib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash shuningdek, fan va texnologiya rivojiga xizmat qilmoqda.

cn uz 4

Shuni alohida qayd etish joizki, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida, 2024-yil 18-sentabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti hamkorligida “Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 75 yilligi, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik rishtalari!” nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tadi. Tantanali tadbirda faxriy mehmon sifatida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yuy Szyun  tashrif buyurishi kutilyapti. Bunday yorqin tadbirning Samarqandda o‘tkazilishi xitoy va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi yaqin qardoshlik munosabatlari yildan-yilga mustahkamlanib borayotganini yana bir bor namoyon etadi.

Tadbir “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazidagi “Boqiy shahar” majmuasining “Buyuk Samarqand” restoranida bo‘lib o‘tadi. Kechaning kulminatsiyasi afsonaviy Gansu raqs teatri tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bo‘lib, barcha ishtirokchilarga yorqin xotiralar va unutilmas tuyg‘ularni bag‘ishlashiga ishonchimiz komil.