SIUT faoliyatiga doir 2024-yil yakunlarini sarhisob qildi
Bugun, 28-yanvar, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti uchun tarixiy sana sifatida qayd etiladi. Bundan roppa rosa uch yil muqaddam, 2022-yilning 28- yanvarida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-sonli Farmonini imzoladi. Ushbu Farmonning 49-maqsadiga asosan “…xorijiy davlatlarning yetakchi texnika universiteti bilan birgalikda Samarqand texnologiya universitetini tashkil etish” vazifasi belgilandi.
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirishda 2024-yilda erishilgan asosiy natijalarni sarhisob qilmoqda. SIUTda bugungi kunda 370 nafar talaba 11 ta mutaxassislik bo‘yicha tahsil olmoqda.
2024-yilda universitet bakalavriat yo‘nalishlariga 186 nafar talaba qabul qilindi, ulardan 74 nafari universitet Vasiylik Kengashi raisining maxsus grantlarini qo‘lga kiritdi.


Universitet muvaffaqiyatli rivojlanishining asosiy omillaridan biri bu ingliz tilida ravon so‘zlashuvchi, jahonning 18 mamlakatidan PhD va undan yuqori ilmiy darajalariga ega 50 dan ortiq professor-o‘qituvchi va murabbiylar kiradi. AQSH, Kanada, Rossiya, Fransiya, Portugaliya, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi, Hindiston, Eron, Pokiston, Iordaniya, Shri-Lanka, Filippin, Indoneziya, Kamerun, Janubiy Afrika va boshqa mamlakatlardagi nufuzli universitetlar vakillari bor va ushbu tajribali professorlar SIUTning faxri sanaladi. Ularning orasida professor Bobby Hall alohida o‘rni bor. U AQSH oliy ta’lim muassasalarida 40 yildan ortiq ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega bo‘lib, faoliyatining 18 yilini Texasdagi Wayland universiteti prezidenti sifatida davom ettirgan. 2024-yilning avgust oyidan e’tiboran professor Bobby Hall SIUTning birinchi prorektori (provost) lavozimida faoliyat yuritmoqda.
AQShdagi Stanford universiteti tomonidan dunyoning eng yaxshi olimlari ro‘yxatiga kiritilgan va “Scopus” bo‘yicha eng ko‘p iqtibos olinadigan 2% olimlar qatoridagi professorlar Mohammed Kaabar (Matematika) va Changiz Valmohammadi (Logistika) SIUTning iftixoridir.
Koreya Respublikasi va XXRdagi hamkor OTMlar bilan hamkorlikda SIUT tarkibida Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (KITC) hamda Xitoy energetika instituti (CIEP) tashkil etilgan. Ushbu institutlarda tahsil olayotgan talabalar uchun “Double Degree” va “Double Diploma” dasturlari kelajakda muvaffaqiyatli kasbiy faoliyatni ta’minlashga zamin yaratadi.

Universitet o‘zining xalqaro aloqalarini kengaytirib, jahonning turli davlatlari bilan hamkorlik rishtalarini bog‘lamoqda, natijada oliygohning faoliyati xorijiy mamlakatlarining elchilari, ilm-fan, madaniyat namoyondalarining tashriflari bilan yanada kengroq ahamiyat kasb etdi. Jumladan, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonathan Henick, XXRning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yu Jun hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Kim Hee-Sang janoblarining SIUTga rasmiy rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
SIUT tarkibida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan va zamonaviy mehnat bozorining talablariga mos innovatsion yechimlarni tatbiq etuvchi “Kreativ muhandislik markazi” tashkil etildi. Markaz elektromexanika sohalarida sanoat startaplarini yaratishga qodir yosh ixtirochilarni jamlaydi.

SIUTda ta’lim jarayoni dual ta'lim tizimi asosida tashkil etilgan. Bu tizim nazariya va amaliy tajribani samarali uyg‘unlashtirib, talabalarni kasbiy jihatdan mukammallashtiradi. SIUT talabalarini birinchi kursdan e’tiboran, yirik neft-gaz kompaniyalarida amaliyot o‘tash uchun yuborilmoqda. SIUTda ishlab chiqilgan maxsus dastur (Master plan)ga ko‘ra, talabalarning tegishli korxonalarga taqsimlanishi universitet Vasiylik kengashi tomonidan tasdiqlangan. Mazkur dastur doirasida talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlari- SANEG, Eriell kompaniyalar Guruhi, Enter Engineering hamda yurtimizdagi shu kabi yirik sanoat klasterlarida, jumladan, neft-gaz hamda geologik konlari, biznes inkubatorlar, logistik kompaniyalar hamda foto- va gidroelektrostansiyalarda tashkil etildi.

Joriy yilda SIUTning bir guruh talabalari turli xorijiy davlatlarda safarlarda bo‘lib qaytdilar 2024-yildagi ilk xorijiy safar: aprel oyida “Xitoy ko‘prigi” bahorgi oromgohi doirasida XXR da amalga oshirildi. 8 davlatdan 500 talaba, jumladan, SIUT talabasi Fazliddin Muhammadiyev ishtirok etdi. Bundan tashqari, shu yilning iyun oyida SIUT rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talabalaridan iborat delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrifi buyurdilar, tashrif doirasida Janubiy Koreyaning turli shaharlari sahnalarida “Oltin Meros” talabalar teatr-studiyasi a’zolari tomonidan o‘zbek milliy ashula va raqslaridan namunalar namoyish etildi. Shuningdek, avgust oyida esa SIUT huzuridagi Xitoy energetika instituti talabalari Xitoyning NEEPU universiteti tomonidan o‘tkazilgan “Talabalar almashinuvini kengaytirish va Xitoy-O‘zbekiston do‘stligini chuqurlashtirish” mavzusidagi yozgi oromgohda qatnashdilar. Bundan tashqari, universitet talabalari Dubaydagi Kanada universitetida noyabr oyida o‘tkazilgan SMART24 xalqaro konferensiyasida to‘rtta innovatsion tadqiqot bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, dekabr oyida muhandislik fakulteti talabalari Rossiyaning Sankt-Peterburg, Pskov va Velikiy Novgorod shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Qishki universitet” loyihasida ishtirok etishdi.

Faoliyatiga endigina uch yil to‘lgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qator etirof va mukofotlarga sazovor bo‘lmoqda. Shulardan biri – “Makon Marketing Forum” VI Xalqaro biznes forumida ta’lim yo‘nalishida “2023-yil brendi” mukofoti. SIUT, “Noyob ilmiy-pedagogik kadrlar”, “Kuchli ilmiy salohiyat” va “O‘zbekistonda ingliz tilidagi birinchi xalqaro texnologiya universiteti” nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “Yosh ziyokor” uyushmasi tomonidan e’lon qilingan reytingda, SIUT 76 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. 2025-yil arafasida “SCIENCE AND INNOVATION” ilmiy festivalida forumning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan SIUT “Yilning eng yaxshi nodavlat ta’lim musassasi nominatsiyasi finalisti” unvoni va maxsus diplom bilan taqdirlandi va kuchli uchlikdan o‘rin oldi.

Universitet Vasiylik kengashi raisining tashabbusi va homiyligi bilan O‘zbekistonda birinchi marta SIUT tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ta’lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yana bir gumanitar ta’lim loyihasi yo‘lga qo‘yilib, tanlov asosida “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan oilalardan 5 nafar yosh tanlab olinib, ularga Koreya Respublikasining Gimcheon o‘rta maktabida ta’lim olish uchun maxsus bepul tayyorgarlik kurslari tashkil etildi. SIUTdagi tayyorlov kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar esa o‘z ta’limlarini “Gimcheon High School”da davom ettiradilar.

Tez orada SIUT Zarafshon daryosi bo‘yidagi 6 gektar maydonda joylashgan yangi kampusga ko‘chishni rejalashtirmoqda.